Latviyaga boruvchi haydovchilar O'zbekistonda o'qib, sertifikat oladi
Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev, Latviya elchisi Girts Yaunzems va yirik transport kompaniyasi Kreiss rahbariyati uchrashib, muhim qarorga kelishdi. Toshkent viloyatida maxsus o'quv poligoni, sinfxonalar va barcha zarur infratuzilma tashkil etiladi, Latviya mutaxassislari esa o'qitish jarayoniga jalb etiladi.
Bu nima beradi haydovchiga?
Hozirgacha Latviyaga yetib borgan haydovchi kamida bir oylik majburiy tayyorlov kurslarini o'tab chiqqan, bu esa yashash, ovqat va transport xarajatlarini ham o'z ichiga olgan. Yangi tizimda hamma imtihonni Toshkentda topshirib, Latviya haydovchilik guvohnomasini olib, to'g'ridan-to'g'ri ishga kirib ketish mumkin bo'ladi.
Kreiss kompaniyasida hozir mingdan ortiq o'zbekistonlik ishlaydi. Kompaniya o'quv-imtihon markazi uchun texnik talablarni tayyorlab topshiradi, Migratsiya agentligi esa poligon uchun joy va infratuzilmani Toshkent viloyatida belgilashga kirishadi. Parallel ravishda ikki davlat o'rtasida uyushtirilgan mehnat migratsiyasi bo'yicha hukumatlararo bitim tayyorlanadi.