Dasturlashni bilmasdan ham dastur yasash mumkin
2025-yil boshida kompyuter olimi Andrej Karpathy "vibe coding" atamasini tilga oldi. Collins lug'ati bir yil o'tmay uni 2025-yilning so'zi deb e'lon qildi.
G'oya oddiy. Muammoni AI ga tushuntirib, kerakli kodni yozdirish va ishlatish mumkin. Muammoni aniq ifodalay bilish yetarli.
New Atlas nashri jurnalisti buni o'zi sinab ko'rdi. U ovozli yordamchisiga "Yaffle" degan maxsus uyg'onish so'zini o'rgatmoqchi bo'ldi. Buning uchun odatda TensorFlow, maxsus ovoz to'plamlari va kuchli texnik bilim zarur. U esa AI ga muammoni tushuntirib, natijani sinab ko'rib, xatolarni qaytarib yubora-yubora bir necha hafta ichida Python skriptlar, TensorFlow modeli va ESP firmware yozib chiqdi. Bugun yordamchi "Hey Yaffle"ga javob beradi.
Dasturchilar bu to'lqindan xavotirda
Professional dasturchilar buni xotirjam kutib olmaydi. Yillar davomida arxitektura, algoritmlar va xavfsizlik masalalarini o'rganib chiqqanlar uchun AI yordamida birinchi haftasidayoq "dastur yasagan" yangi boshlovchini ko'rish og'ir. Ularning xavotiri asosli. AI vositalari hali mukammal emas va xato qiladi. Xatolar algoritm mantig'ida ham, dastur tuzilishida ham, xavfsizlik teshiklarida ham uchrab turadi. Shuning uchun AI yozgan kodni ko'z yumib ishlatib bo'lmaydi, uni tekshirib, sinab ko'rish shart.
Lekin to'lqin to'xtamadi. 1990-yillarda Cubase musiqachilarga uy sharoitida professional albom yozishga ko'mak berdi. Photoshop fotosuratni tahrirlashni soddalashtirdi. Canva grafik dizaynni ommalashtirdi. Dasturlash ham shu yo'lda.
Bugun ChatGPT, Claude yoki Cursor kabi vositalarga muammoingizni tushuntirib, yechim so'rasangiz bo'ladi. Birinchi urinishda xato chiqadi, AI nima noto'g'ri ketganini tushuntiradi, siz qayta sinab ko'rasiz. Muammo aniq bo'lsa, dasturlash tilini bilmagan odam ham nimadir qurib chiqishi mumkin. Faqat chiqqan natijani o'zingiz sinchiklab tekshirishni unutmang.