Toshkentda jarima maydonchasidan mashinani olib chiqishga ruxsatnoma olish uchun navbat yuzaga keldi. YHXB ruxsatnomani onlayn olsa bo'lishini eslatdi
16-noyabr kuni Toshkent shahri YHXB Ma'muriy amaliyot markazi oldida haydovchilar navbatga turdi. Ular mashinasini jarima maydonchasidan olib chiqishga ruxsatnoma olgani kelgan edi. Boshqarma bu ruxsatnomani markazga kelmasdan, onlayn olishingiz mumkinligini eslatdi.
Markazning katta inspektori mayor Azamat Umrzoqovning aytishicha, odamlar 14 va 15-noyabr kunlari o'tkazilgan tungi reydlardan keyin kelgan. Shu ikki kunda jarima maydonchasiga 751 ta mashina yuborilgan. Hozir ruxsatnomalarni 4 nafar ofitser beryapti.
Haydovchilarning aytishicha, ular mashinasini olib chiqish uchun ortiqcha ikki kun kutgan, jarimani to'lash uchun esa kun bo'yi navbatda turgan. Ulardan biri soat 9:00 da kelib, ishini faqat 16:00 da bitirgan. Uning so'zlariga ko'ra, navbat eskicha, hamma «oxirgisi kim?» deb so'raydi. Odamlar navbatidan ayrilib qolishdan qo'rqib, tushlikka ham chiqmagan.
Inspektorning aytishicha, kelganlar mashinasining ko'pi jarima maydonchasiga Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning (MJTK) 291-moddasida ko'rsatilgan sabablar bilan tushgan. Bular qarzdorlik va o'z vaqtida to'lanmagan jarimalar, hujjat va ruxsatnomasiz oynalarni qoraytirish, mast holda mashina haydash.
Haydovchi arizani onlayn topshirib, javobni bir ish kuni ichida oladi
Vazirlar Mahkamasining 28-apreldagi qarori bilan tasdiqlangan reglamentda tartib shunday belgilangan:
- Haydovchi my.gov.uz davlat xizmatlari portalida yoki Yo'l harakati xavfsizligi xizmatining mobil ilovasida elektron ariza to'ldiradi.
- Yo'l harakati xavfsizligi xizmati mashina jarima maydonchasiga qo'yilishiga sabab bo'lgan holatlar bartaraf etilgan-etilmaganini tekshiradi. Shuningdek, ma'muriy huquqbuzarlik ishi ko'rib chiqilib, u bo'yicha qonuniy qaror qabul qilingan-qilinmaganini ham aniqlaydi.
- Hammasi joyida bo'lsa, 1 ish kuni ichida haydovchiga portal yoki ilova orqali mashinani olib chiqish mumkinligi haqida xabarnoma keladi.
Masalan, jarima yoki qarz hali to'lanmagan bo'lsa, onlayn ariza yordam bermaydi, chunki xizmat aynan sabablar bartaraf etilganini tekshiradi.
Onlayn ruxsatnomadan hozircha kam foydalanishadi. Inspektorning aytishicha, so'nggi uch oyda shu yo'l bilan atigi 7 ta ruxsatnoma berilgan: «Fuqarolarimiz hali to'liq tushunmaydi-da bu narsani».
Sentabrda Toshkentda mashinalarni evakuatsiya qilish va saqlash uchun eng yuqori tariflar belgilangani xabar qilingan edi. Saqlash uchun sutkasiga BHMning 20 foizidan, maxsus transportda evakuatsiya qilish uchun har bir kilometrga BHMning 20 foizidan ko'p olinmaydi. Mashinani jarima maydonchasiga evakuatsiya qilishning umumiy narxi to'rt BHMdan, ya'ni 1 mln 760 ming so'mdan oshmasligi kerak.