2027-yil 1-yanvardan «Tashabbusli byudjet» loyihalariga bank va to'lov tashkilotlarining mobil ilovalari orqali pul kiritishingiz mumkin bo'ladi
2027-yil 1-yanvardan «Tashabbusli byudjet»ning sheriklik loyihalariga mobil ilovalar orqali ham pul kiritishingiz mumkin bo'ladi. Bular Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, to'lov tashkilotlari va tijorat banklarining ilovalari. Sheriklik loyihalarini aholi va davlat birgalikda moliyalashtiradi. Yangi tartib aholining byudjet mablag'larini taqsimlashda qatnashishini osonlashtirishi kerak.
Ilovalarda loyihalar ro'yxati va statistika bo'ladi
Ilovalar «Ochiq byudjet» portaliga (openbudget.uz) ulanadi. Ularda barcha sheriklik loyihalarining ro'yxati va «Tashabbusli byudjet»ning onlayn statistikasi paydo bo'ladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi portal bilan ilovalarning ma'lumotlar bazalarini bir-biriga ulab, loyihalar uchun ilovalar orqali xavfsiz to'lovni ta'minlashi kerak.
Loyiha qiymatining ikkinchi yarmi avtomatik moliyalashtiriladi
Ilovalar orqali kiritilgan pul to'g'ridan-to'g'ri tegishli Fuqarolar tashabbusi jamg'armalariga tushadi. Aholi loyiha qiymatining 50 foizini ilovalar orqali o'z xohishi bilan yig'sa, qolgan 50 foizi belgilangan tartibda avtomatik moliyalashtiriladi.
Kerakli summa yig'ilmasa, pul so'rov bo'yicha qaytariladi
Loyihaga yetarli pul yig'ilmasa, kiritilgan summalar 10 ish kuni ichida qaytarib beriladi. Buning uchun pul kiritgan kishi mobil ilova orqali so'rov yuboradi.
Soliq va hujjatlarni rasmiylashtirish aholi puli hisobidan to'lanmaydi
Aholidan yig'ilgan mablag' qo'shilgan qiymat solig'i, buyurtmachi korxonalarni saqlash va hujjatlarni rasmiylashtirish xarajatlariga sarflanmaydi. Bu xarajatlarni Fuqarolar tashabbusi jamg'armasi to'liq qoplaydi.
Sarflanmagan byudjet mablag'lari keyingi yillar loyihalariga o'tadi
Davlat byudjetida sheriklik loyihalari uchun ajratilgan pul ba'zan sarflanmay yoki o'zlashtirilmay qoladi. Bunday mablag' keyingi yillardagi sheriklik loyihalariga yo'naltiriladi. O'z moliya yilida yakunlanmagan loyihalarga ajratilgan pul bunga kirmaydi.
Ichki yo'llarni ta'mirlashni obodonlashtirish boshqarmalari o'z zimmasiga oladi
Qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 2 ming baravarigacha bo'lgan ichki yo'llarni ta'mirlash bo'yicha sheriklik loyihalarini tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalari bajaradi. Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, ularni ekspertizadan o'tkazish va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirish xarajatini Fuqarolar tashabbusi jamg'armasi to'laydi.
🔗 Manba