Yer va davlat mulki sotib olish shartlari o'zgardi
18 avgust kuni Xivada tadbirkorlar bilan o'tkazilgan ochiq muloqotda davlat mulki va yer sotib olishga oid yangi shartlar e'lon qilindi.
Davlat aktivlari bo'yicha shartlar sezilarli o'zgardi.
- Boshlang'ich to'lov 30%dan 15%gacha tushirildi
- Olti oy ichida to'liq to'lov qilsangiz, narxdan 25% chegirma beriladi
- Qiymatning yarmini to'lasangiz, qolgan summani 7 yilga foizsiz bo'lib to'lash mumkin
- Uch oy davomida sotilmagan ob'ekt narxi bosqichma-bosqich 10%gacha pasaytiriladi, auktsion muddati esa ikki barobar qisqartirildi
Yer sotib oluvchilar uchun ham yangilik bor. Hozir yer xarid qilingandan keyin qurilish hujjatlarini yig'ishga olti oydan bir yilgacha vaqt ketadi. Yangi tartibda yer qurilish ruxsatnomasi, arxitektura-rejalashtirish topshirig'i va loyiha bilan birga savdoga chiqariladi. Yer olgan kuniyoq qurilishni boshlash mumkin bo'ladi. Infratuzilma to'lovi bo'yicha avans ham 20%dan 5%gacha tushirildi.
Bank balansidagi 2 500 ta ob'ekt, jami qiymati 9 trillion so'm, boshlang'ich to'lovsiz va foizsiz muddatli to'lov sharti bilan sotiladi. Bunday mulk sotib olgan tadbirkorlar bir yil davomida yer va mulk solig'idan ozod bo'ladi.