Birinchi 1000 kunda kamroq shakar: saraton xavfi o'nlab yillar keyin ham pastroq
Ikkinchi jahon urushi paytida Britaniyada shakar norma bilan taqsimlangan. 1940-yilda nemis kemalari import yo'lini to'sgach, hukumat oziq-ovqat kartochkasini joriy etdi, shakar ham shu tizimga kirdi. Bu tartib 1953-yil sentabrgacha davom etdi.
O'sha davrda tug'ilgan bolalar haqida Kembrij universiteti iqtisodchilari muhim tadqiqot o'tkazdi. PNAS jurnalida e'lon qilingan ishda 1951-1956-yillar orasida tug'ilgan 64 761 kishining sog'liq ma'lumotlari tahlil qilindi. Hayotining birinchi 1000 kunini, ya'ni homiladan tortib ikki yoshgacha bo'lgan davrni shakar cheklovi ostida o'tkazgan bolalar bilan keyin tug'ilganlar solishtirildi.
📉 Farq juda katta bo'lib chiqdi. Shakar cheklovi ostida o'sgan bolalarda kattalar yoshida saraton ancha kamroq uchraydi:
- jigar saratoni: 69% pastroq
- prostata saratoni: 52% pastroq
- o'pka saratoni: 41% pastroq
- to'g'ri ichak saratoni: 40% pastroq
- ko'krak bezi saratoni: 36% pastroq
Ular biologik jihatdan ham 2,2 yil yoshroq bo'lgan ekan, ya'ni hujayralar darajasida sekinroq qarigan.
Nima sababdan? Tadqiqotchilar ikki yo'lni ko'rsatmoqda. Biri biologik: hayotning dastlabki oylarida moddalar almashinuvi, a'zolar va immun tizim shakllanadi, oziqlanish shu jarayonga o'z izini qoldiradi. Ikkinchisi xulq-atvorga oid. Bolalikda shakar kamroq iste'mol qilganlar 50 yil o'tib ham shu odatni saqlagan, kamroq shakar eygan va taomini xilma-xil qilgan.
Tadqiqot kuzatuvchi usulda o'tkazilgan va aniq sabab-oqibatni isbotlamaydi. Biroq shakar kartochkasi birdaniga bekor bo'lganligi ikki guruh o'rtasida juda aniq chegara hosil qilgan, bu esa natijalarni ishonchli qilmoqda.
Qiziq bir fakt: o'sha urush paytidagi «majburiy» shakar me'yori Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti bugun barcha odamlarga tavsiya etadigan miqdorga teng keladi.