Aldov sxemasi bir xil ishlaydi
Aldov sxemasi bir xil ishlaydi. Biri farzandingizni rasmiy tizim orqali emas, "tanish" yordamida to'g'ridan-to'g'ri 4-kursga kiritib qo'yaman deydi, boshqasi Koreyaga ishga joylashtirib beraman deb ishontiradi. Ikkalasida ham birinchi qadam bir xil. Avans talab qilinadi.
Qo'ng'iroqdan keyin shoshiltirishlar boshlanadi. "Joy bor, lekin bugun to'lov bo'lmasa boshqasiga beraman." Pul o'tkazilgach, aloqa uzilib ketadi.
Oliy ta'limga qabul faqat uzbmb.uz orqali rasmiylashtiriladi. Hech bir vuz "tanish" orqali kelgan talabani qabul qila olmaydi, chunki har bir o'rin DTM natijalari bilan bog'liq. 4-kursga to'g'ridan-to'g'ri o'tkazish rasmiy tartibda mavjud emas.
Koreya EPS dasturiga rasmiy ro'yxatdan o'tish xorijdaish.uz portalida amalga oshiriladi. EPS-TOPIK test uchun to'lov taxminan 28 dollar ekvivalentida. Kimdir bundan ko'proq pul so'rab kafolat bersayam, bu allaqachon aldov.
Bunday takliflarda odatda bir nechta umumiy belgi bo'ladi:
- "Rasmiy yo'l sekin, men tezroq hal qilaman"
- Avans talab qilinadi, hujjat yo'q
- "Bugun to'lov bo'lmasa joy qolmaydi" degan sun'iy bosim
- Qo'ng'iroq noma'lum raqamdan, keyinroq topib bo'lmaydi
Shubha tug'ilsa Migration agentligining 1282 ishonch liniyasiga qo'ng'iroq qiling yoki migration.uz saytida ma'lumotni tekshiring.