Uzoq yillik moddiy qiyinchilik miyaning qarishini tezlashtirar ekan
UCL universiteti (London) olimlari 2 759 nafar kishini tug'ilgandan beri, ya'ni 1946-yildan boshlab kuzatib borishdi. Bu tadqiqot 70 yildan ortiqroq davom etdi. Olingan natija aniq ko'rsatdi: ko'p yillar davomida moddiy tanglik boshidan o'tkazgan odamlarda 53 yoshga kelib xotira va fikrlash tezligi sezilarli pasayib ketgan.
Tadqiqot ishtirokchilarining 6 tadan biri yillar bo'yi past daromadda yashagan, 8 tadan biri esa doimiy moddiy qiyinchilik boshidan o'tkazgan. Ko'p yillar davomida to'plangan moliyaviy stress miyaga eng katta zarar yetkazishi aniqlandi. Aynan shu guruhlarda miya sog'lig'i ko'proq yomonlashgan.
Nima uchun bunday bo'ladi?
Pulni qaerdan topish, qaysi to'lovni birinchi o'tkazish, qanday tejash, chunki bu savollar miyani doim band qilib turadi. Boshqa narsalar uchun, ya'ni yangi narsalar o'rganish, muammolarni hal qilish, ijodiy fikrlash uchun "bo'sh joy" qolmaydi. Bundan tashqari, doimiy moliyaviy tashvish surunkali stressga olib keladi, bu esa miyaning xotira qismini asta-sekin zaiflashtiradi.
📉 Qizig'i: yoshligida yaxshi ta'lim olgan, aqliy qobiliyatlari ham baland bo'lgan odamlar ham bu ta'sirdan to'liq saqlanmagan. Ta'lim muhim, lekin ko'p yillik moddiy tanglik uning himoya kuchini ham susaytira oladi.
69 dan 71 yoshgacha bo'lganlarning miyasi skanerlanganda ayon bo'ldiki, uzoq yillar moddiy qiyinchilik boshidan o'tkazganlarning miyasi ancha kichrayib qolgan, qorinchalar hajmi esa kengaygan.
Tadqiqot Innovation in Aging jurnalida (Oxford, 2026) chop etildi.