Ijtimoiy reyestrdagi oilalar farzandlari: 10 foizlik qo'shimcha grant qanday ishlaydi
Test natijalari chiqdi, ta'lim yo'nalishi tanlash oynasi ochildi. Shu kunlarda imtiyozdan foydalanish muddati ham qisqarib bormoqda.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oiladanmisiz? Farzandingiz uchun 10 foizlik qo'shimcha davlat granti ajratilgan. Lekin uning muhim shartlari bor, bilmasangiz imtiyozdan umuman foydalana olmay qolasiz.
Qo'shimcha grant o'rinlari respublika miqyosida taqsimlanadi: o'sha yo'nalishni birinchi ustuvor sifatida tanlagan barcha nomzodlar orasida eng yuqori ball to'plaganlar tavsiya etiladi.
Asosiy shartlar:
- Faqat birinchi (1-ustuvor) ta'lim yo'nalishi uchun amal qiladi. Ikkinchi, uchinchi yoki keyingi tanlovlarga tatbiq etilmaydi.
- Faqat kunduzgi ta'lim shakli. Kechki, sirtqi yoki masofaviy o'qish uchun bu imtiyoz yo'q.
- Davlat granti bo'yicha o'tish ballining kamida 80 foizini to'plagan bo'lish shart.
Va muhim cheklov: ijtimoiy reyestr bo'yicha va boshqa imtiyozli grant toifalari bo'yicha bir vaqtda tanlovda ishtirok eta olmaysiz. Faqat bitta imtiyoz turini tanlashingiz kerak.
Birinchi ustuvor yo'nalishni tanlashda imtiyoz shartlarini hisobga oling. Muddatni o'tkazib yubormang.