Nogironligi bor odamlar reabilitatsiya va protezlash markazlariga elektron navbat orqali yo'llanma oladi
O'zbekistonda nogironligi bor odamlarni reabilitatsiya va protezlash markazlariga yo'llashning yangi tartibi tasdiqlandi. Adliya vazirligi uni 2026-yil 13-noyabrda 3974-raqam bilan ro'yxatdan o'tkazdi. Yo'llanma elektron shaklda, umumiy navbat orqali beriladi. Tizim markazlardagi bo'sh o'rinlarni hisobga olib, navbatni o'zi shakllantiradi. Arizani onlayn topshirishingiz mumkin. Ariza beruvchi navbatdagi o'rnini real vaqtda kuzatib boradi, navbati kelishiga 10 kun qolganda esa unga SMS keladi.
Yo'llanma «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi. Arizani ko'rib chiqish, yo'llanma berish va reabilitatsiya xizmatlarining o'zi bepul.
Arizani nogironligi bor odamning o'zi yoki uning qonuniy vakili topshiradi. Buni to'rt yo'l bilan qilish mumkin:
- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my.gov.uz) onlayn;
- «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazida;
- ijtimoiy xodim orqali;
- bevosita oila shifokoriga murojaat qilib.
Reabilitatsiyani qayerda (hududiy yoki milliy markazda) va qanday shaklda (ambulator yoki statsionar) o'tashni ariza beruvchining o'zi tanlaydi.
Oila shifokori murojaatdan keyin besh ish kuni ichida tibbiy ko'rik o'tkazishi shart. Odamda 569 ta tibbiy ko'rsatmadan kamida bittasi bo'lib, 26 ta qarshi ko'rsatmadan birortasi ham bo'lmasa, shifokor elektron yo'llanma rasmiylashtiradi.
Reabilitatsiya necha marta o'tkazilishi nogironlik muddatiga bog'liq. Ambulator reabilitatsiya yiliga ikki-uch marta, statsionar reabilitatsiya esa yiliga bir-ikki marta tayinlanadi.