SI kompaniyalari chatbot bilan yozishmalaringizni o'qiy oladi. Sozlamalar xavfni faqat qisman kamaytiradi
Chatbotlar ortida turgan kompaniyalar SI bilan qilgan suhbatlaringizni ko'ra oladi. Bu ma'lumotlardan qanday foydalanishi esa har doim ham aniq bo'lavermaydi. New York Times'ga qarashli Wirecutter nashri Anthropic, Google va OpenAI nimalarni ko'rishini va foydalanuvchi o'z ma'lumotlaridan foydalanishni qanday cheklay olishini o'rganib chiqdi.
Foydalanuvchilarning uchdan biri yaqinlaridan yashirgan gapini chatbotga aytgan
Odamlar chatbotga eng shaxsiy gaplarini ham ishonib aytadi. DuckDuckGo 2026-yil avgustda 2 mingga yaqin voyaga yetgan amerikalik o'rtasida o'tkazilgan so'rov natijalarini e'lon qildi. Unga ko'ra, SIdan foydalanuvchilarning 32 foizi yaqin do'sti, ota-onasi, hamkasbi, shifokori yoki psixoterapevtidan yashirgan narsasini chatbotga aytib bergan. OpenAI esa 2026-yil boshida ChatGPT'ga har hafta 230 milliondan ortiq odam sog'lig'i haqida savol berishini ma'lum qilgandi.
Kompaniya yozishmani ham, qurilmangiz haqidagi ma'lumotni ham ko'radi
Anthropic, Google yoki OpenAI chatbotidan foydalanganingizda kompaniya siz nima yozganingizni ham, bot nima deb javob berganini ham ko'radi. U qurilmangiz haqida ham ma'lumot to'playdi, bu ma'lumot orqali esa shaxsingizni aniqlash mumkin.
Yozishmalarni begona odamlar ham o'qishi mumkin. OpenAI va Anthropic bot javoblarini baholash uchun tekshiruvchilarni jalb qilib, ularga suhbatlarning katta qismlarini ko'rsatishi mumkin. Google ham shunday tekshiruvchilar xizmatidan foydalanadi. Odatda bunday yozishmalardan odamni aniqlashga imkon beradigan ma'lumotlar olib tashlanadi, biroq to'liq anonimlik bo'lmasligi mumkin.
Google o'z hujjatlarida ochiq ogohlantiradi: «Iltimos, tekshiruvchilar ko'rishini yoki Google xizmatlarini yaxshilashda ishlatilishini istamagan maxfiy ma'lumotlaringizni kiritmang».
Ma'lumotlar reklama va modellarni o'qitishga ishlatiladi
Anthropic'da reklama yo'q, OpenAI'da bor. ChatGPT'da reklamani shaxsiylashtirishni o'chirib qo'yishingiz mumkin, lekin shunda ham reklama joriy suhbatga qarab tanlanadi. ChatGPT'dagi reklamani butunlay olib tashlash uchun reklamasiz pullik tarifga yoki cheklovlari ko'proq bo'lgan reklamasiz bepul tarifga o'tishingiz kerak. Gemini'dagi yozishmalar reklama uchun ishlatilmaydi, ammo Gemini orqali Google Wallet'da xarid uchun to'lasangiz, bu ma'lumotdan reklamada foydalanilishi mumkin.
Kompaniyalar o'z modellarini foydalanuvchilar ma'lumotlari asosida ham o'qitadi. Demokratiya va texnologiyalar markazining maxfiylik va ma'lumotlar loyihasi direktori Erik Nallning aytishicha, ma'lumotlardan bunday foydalanishni cheklaydigan qonuniy talablar kam.
Yozishmalar huquq-tartibot organlari qo'liga tushishi mumkin
Chatbot ishlab chiquvchilari ham boshqa har qanday kompaniya kabi huquq-tartibot organlarining qonuniy so'rovlariga javob berishga majbur. Anthropic sog'liq haqidagi ma'lumotlarni bu organlarga oshkor qilishi, jamlangan sog'liq ma'lumotlaridan esa mahsulotlarini ishlab chiqishda foydalanishi mumkinligini aytadi. OpenAI tibbiy mavzudagi suhbatlardan modellar xavfsizligini oshirish uchun foydalanishi mumkin.
Erik Nall eslatib o'tadi: odamlar shifokor yoki advokatga aytgan gaplari huquq-tartibot organlaridan himoyalanganiga o'rganib qolgan. «Biroq xuddi shu gapni chatbotga aytsangiz-u, eshigingizni huquq-tartibot organlari qoqsa, kompaniyani bu ma'lumotlarni berishdan to'xtatadigan narsa kam», deydi u.
Foydalanuvchi ma'lumotlaridan foydalanishni cheklay oladi, lekin ularni butunlay yashira olmaydi
Wirecutter hamma bilishini istamaydigan narsangizni chatbotga aytishdan oldin yaxshilab o'ylab ko'rishni maslahat beradi. Quyidagi usullar xavfni kamaytiradi, biroq ularning hech biri sizni SI kompaniyalari uchun ko'rinmas qilib qo'ymaydi.
- Ma'lumotlaringizdan modelni o'qitishda foydalanishni o'chirib qo'ying. Bu imkoniyat Anthropic, Google va OpenAI'da bor. Odatda u chatbotning «Sozlamalar» (Settings) bo'limida turadi: «Modelni hamma uchun yaxshilash» (Improve the model for everyone) yoki shunga o'xshash bandni topib, o'chirib qo'ying. Shundan keyin yozishmalaringizni tekshiruvchilar ko'rmasligi kerak, biroq kompaniya va huquq-tartibot organlari ularni avvalgidek ko'ra oladi. Sozlama faqat yangi ma'lumotlarga ta'sir qiladi, eskilari o'qitishda allaqachon ishlatilgan bo'lishi mumkin.
- Vaqtinchalik chatlardan foydalaning. Ular brauzerdagi «Inkognito» rejimi kabi yozishmalar tarixida saqlanmaydi. OpenAI vaqtinchalik chatlardan modellarni o'qitishda foydalanmaydi. Anthropic'dagi «Inkognito chatlar» (Incognito Chats) va Gemini'dagi «Vaqtinchalik chatlar» (Temporary Chats) ham shunga o'xshash ishlaydi. Biroq bu rejim yozishmalarni kompaniya ko'rishidan ham, huquq-tartibot organlariga berilishidan ham himoya qilmaydi. Chat kompaniya qoidalarini buzgan deb belgilansa, u baribir o'qitishda ishlatilishi yoki uzoqroq saqlanishi mumkin.
- Javob yoki reklamaga baho bersangiz, o'qitishdan voz kechganingiz bekor bo'lishi mumkin. Javobni yaxshi yoki yomon deb belgilasangiz, kompaniya modelni o'qitishda shu javobdan, ko'pincha esa butun suhbatdan foydalana oladi. Texnik yordam xizmati bilan yozishmalar ham o'qitishga ketishi mumkin. Sharh muallifining yozishicha, sinov paytida bot undan qanday javob ko'proq yoqishini so'ragan. Shu savolga javob berishning o'zi chatni o'qitish uchun ochib bergan.
Chatbotga sizning nomingizdan murojaat qiladigan vositachi xizmatlar ham bor. Ular so'rovingizdan IP-manzil kabi shaxsni aniqlashga imkon beradigan ma'lumotlarni olib tashlaydi. Biroq bunday xizmatlarning imkoniyatlari yirik chatbotlarnikidan kamroq.
Wirecutter ogohlantiradi: chatbot ishonchli suhbatdoshdek tuyulishi mumkin, ammo u bilan qilgan suhbatlaringiz siz o'ylagandan ko'ra ochiqroq.