Bilim Hack

Qorin atrofidagi ichki yog' miyaga zarar beradi

Ikki kishi bir xil vaznga ega bo'lishi mumkin, bir xil tana massasi indeksi (BMI) ko'rsatkichi ham bo'lishi mumkin. Lekin miyaga zarar mutlaqo boshqacha bo'ladi. Bu farqni BMI ko'rsatmaydi.

Gonkong politexnika universiteti (PolyU) olimlari 18 000 dan ortiq kishining yog' taqsimoti, miya rasmlari va idrok ko'rsatkichlarini solishtirishdi. Bu yo'nalishda o'tkazilgan eng katta miqyosli tadqiqot hisoblanadi. Natijalar Nature Mental Health jurnalida chop etildi.

Nima ma'lum bo'ldi? Yog' tananing qaysi qismida joylashgani miyaning qaysi tizimlari o'zgarishini aniq belgilaydi.

  • Qo'l yog'i harakat va his-tuyg'u tizimlariga ta'sir qiladi
  • Oyoq yog'i harakatni muvofiqlashtirish tizimlariga ta'sir qiladi
  • Gavda yog'i bir qator boshqa miya tizimlariga ta'sir qiladi
  • Qorin bo'shlig'idagi ichki yog' esa oq moddaga bevosita zarar etkazadi

Oq modda miyaning aloqa tarmog'i desa bo'ladi: neyronlar orasidagi signallarni o'tkazib turadigan tizim. Bu tizim shikastlansa, xotira va fikrlash susayib boruvchi kasalliklar riski, shu jumladan demensiya riski ortadi.

Olimlar sabab sifatida surunkali yallig'lanishni ko'rsatmoqda. Ichki yog' yallig'lanish omillarini qonga chiqaradi, ular miyaga ham yetib boradi va miya to'qimalarini zararlay boshlaydi. Qo'l, oyoq va gavda yog'ida bunday ta'sir ancha zaifroq kuzatiladi.

Yaxshi tomoni shundaki, ichki yog' miqdori o'zgartirilishi mumkin. Jismoniy faollik va ovqatlanish tartibini moslashtirish bu yo'nalishda eng ko'p ishlangan yo'l ekanini olimlar ta'kidlamoqda.

O‘xshash maqolalar

Yangi maqolalar Telegram kanalimizda birinchi bo‘lib chiqadi

@bilim_hack
← Ilmiy yangiliklar