O'zbekistonda o'rtacha maosh 7 millionga etdi. Odamlar bunga nima qila olyapti?
Milliy statistika qo'mitasining 2026-yil yanvar-iyun hisobotiga ko'ra, respublikada o'rtacha oylik ish haqi 7 091 ming so'mga yetdi, o'tgan yilga nisbatan 18 foiz o'sish. Toshkentda 12 milliondan oshdi, Qashqadaryoda esa eng past, 4 865 ming so'm.
Lekin bu ko'rsatkich hamma haqida gapirmaydi. Seulda ishlayotgan iqtisodchi Valijon To'raqulov aytishicha, qishloqlarda yillik daromadi 500 dollardan past bo'lganlar anchagina. O'rtacha hisoblashda hamma shunaqa maosh oladi deb tushunish xato. Realroq ko'rinish uchun median usuli ishlatiladi, ya'ni maoshlarni kichigidan kattasiga terib, o'rtadagi qiymatni olish.
Amalda pul qayga ketmoqda? Ko'pchilik daromadining kamida 40 foizini kredit to'loviga sarflab, qolganiga kun o'tkazmoqda. Yosh oilalarda vaziyat og'irroq, daromadining yarmiga yaqini ijaraga ketib, ta'lim va kundalik xarajatga zo'rg'a yetadi. Soha farqi ham katta. IT sohasida o'rtacha maosh 17 417 ming so'm bo'lsa, tibbiyot xodimlarida 4 440 ming so'm.
AQShda 18 yildan beri yashaydigan hamshira Nilufar Salimova yiliga 150 ming dollar (bonuslari bilan) ishlab, soliqlar va 5 kishilik oila xarajatlarini chiqarib, qo'lida deyarli narsa qolmasligini aytadi. "Odamlar katta maoshga qaraydi, lekin bizda katta xarajat ham bor", deydi u. Oziq-ovqat narxlari AQShda ham so'nggi vaqtlarda keskin o'sgan.