30 ta tadqiqot tahlili: uyqusi buzilgan kattalarga eng ko'p yuqori intensivlikdagi yoga yordam bergan
Xitoydagi Xarbin sport universiteti olimlari uyqusi buzilgan kattalarda uyquni qaysi jismoniy mashqlar ko'proq yaxshilashini solishtirib ko'rdi. Ular 2576 nafar katta yoshli odam qatnashgan 30 ta randomizatsiyalangan nazoratli tadqiqot ma'lumotlarini birlashtirdi. Ish 2025-yilda Sleep and Biological Rhythms jurnalida chop etilgan.
Uyqu eng ko'p yoga bilan yaxshilangan. U yurish, aerob mashqlar, aralash mashg'ulotlar hamda tsigun va tayszi kabi an'anaviy xitoy amaliyotlaridan o'zib ketdi. Tadqiqotchilarning fikricha, uyqusi yomon odam uchun eng maqbul tartib shunday: haftasiga ikki marta, har safar 30 daqiqagacha yuqori intensivlikdagi yoga bilan shug'ullanib, buni 8 dan 10 haftagacha davom ettirish.
Gap tez sur'atdagi yoga haqida: unda pozalar birin-ketin tez almashadi, qarshilik vazifasini esa odamning o'z tana vazni bajaradi.
Ikkinchi o'rinni yurish, uchinchi o'rinni kuch mashqlari egalladi. Aerob mashqlarga qaraganda bunday yoga «ancha yaxshi» natija ko'rsatgan.
Nega aynan yoga yordam berishini bu tahlillar tushuntirib bermaydi. Sababi shunda bo'lishi mumkin: yoga yurak urishini tezlashtiradi, mushaklarni ishlatadi va nafasni tartibga soladi. Tadqiqotlarga ko'ra, nafasni nazorat qilish uyquni yaxshilashi mumkin.
Mualliflar o'z xulosalarini dastlabki deb hisoblaydi. Ularning ogohlantirishicha, tahlilga cheklangan miqdordagi ishlar kirgan, shu bois natijani yangi sifatli tadqiqotlar bilan tasdiqlash kerak.
Uyqusizlik va boshqa uyqu buzilishlarining yagona davosi yo'q, mashqlar esa muammoni hal qilishning bir qismi bo'lishi mumkin, xolos. Yomon uyqu hayotingiz sifatiga ta'sir qilayotgan bo'lsa, shifokorga murojaat qilganingiz ma'qul.
🔗 Manba