Toshkentdan Parkentga elektropoyezd qatnaydi: yo'l haqi 10 ming so'm
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentdan Parkent tumaniga elektropoyezdda keldi. Poyezd shu yilning sentabridan beri yangi elektrlashtirilgan liniyada qatnayapti.
Yo'lga 1 soat 13 daqiqa ketadi, chipta esa taksidan 2,5 barobar arzon
- Toshkentdan Parkentgacha bo'lgan 57,6 kilometrlik butun yo'lni poyezd 1 soat 13 daqiqada bosib o'tadi.
- Yo'l haqi 10 ming so'm. Bu shu yo'nalishdagi taksining o'rtacha narxidan 2,5 barobar arzon.
- Oltita vagondan iborat «EP3D» poyezdi 586 yo'lovchiga mo'ljallangan bo'lib, soatiga 120 kilometrgacha tezlikda yuradi.
- Liniya kuniga 2 ming nafargacha, yiliga esa 300 ming nafargacha yo'lovchi tashiy oladi.
Vagonlarda Wi-Fi, nogironligi bo'lgan odamlar uchun ko'targichlar va velosiped mahkamlagichlari bor
- iqlim nazorati, qulay o'rindiqlar, USB rozetkalar va bepul Wi-Fi
- nogironligi bo'lgan odamlar uchun maxsus ko'targichlar va moslashtirilgan joylar
- velosiped tashish uchun mahkamlagichlar
- elektron axborot tablolari
- videokuzatuv va to'qnashuvda zarbani yumshatadigan tizimlar
Liniya Prezidentning transport-logistika tizimini yanada rivojlantirish to'g'risidagi 2025-yil 27-yanvardagi qaroriga ko'ra qurildi. Undan maqsad poytaxtni Parkent tumani bilan bog'lash, aholining qatnov imkoniyatlarini kengaytirish, tumanning turistlar uchun jozibasini oshirish hamda tadbirkorlik va xizmat ko'rsatish sohasi rivojiga yordam berish.
Batafsil ma'lumot
Loyiha doirasida quyidagilar qurildi. Baytqo'rg'ondan Parkentgacha boradigan 24 kilometrlik elektrlashtirilgan liniya, uning qiymati 535,4 milliard so'm. Bitta yangi bekat, uchta ko'prik, avtomobil yo'l o'tkazgichi, 77 ta suv o'tkazish inshooti hamda avtomobil va temir yo'llarning 16 ta kesishmasi. Har birining uzunligi 24 kilometr bo'lgan kontakt tarmog'i va elektr uzatish liniyasi. Loyiha 40 ta yangi ish o'rni yaratdi. «EP3D» elektropoyezdi 124 milliard so'm turadi.
Parkentda Prezident yangi vokzalni ko'zdan kechirdi. U mas'ullarga temir yo'l infratuzilmasini va vokzallardagi xizmat sifatini yaxshilash, yo'lovchilar uchun qulayliklarni kengaytirish, qatnovlar samaradorligini ta'minlash hamda temir yo'l yonidagi hududlarni obodonlashtirishni topshirdi.
🔗 Manba