Bilim Hack

Mikrotolqinli qovurish kartoshka fridagi yog'ni sezilarli kamaytiradi

Illinois universiteti (UIUC) tadqiqotchilari kartoshka fridagi yog' miqdorini kamaytiruvchi yangi usul taklif qilishdi. G'oya mikrotolqinli va an'anaviy qovurishni bitta tizimda birlashtirish asosiga qurilgan.

Qovurish paytida kartoshka ichidagi suv isib, bug'ga aylanib chiqadi. Bug' ketishi bilan bo'sh g'ovaklar hosil bo'lib, manfiy bosim yuzaga keladi. Bu bosim xuddi somon orqali suyuqlik so'rilgandek, yog'ni g'ovaklarga tortib oladi. Olimlar hisobiga ko'ra, qovurish jarayonining 90 foizi aynan shu "so'rilish" rejimida o'tadi.

Mikrotolqin kartoshkani ichkaridan isitadi. Suv molekulalari tezroq harakatlanib, ko'proq bug' hosil qiladi, bu bug' esa bosimni musbat tomonga siljitib, yog'ning kirishiga to'siq bo'ladi.

Bitta qiyinchilik bor: faqat mikrotolqin bilan qovurilgan kartoshka yumshoq bo'lib chiqadi, qitirlamaydi. Shu bois UIUC olimlari gibrid yondashuvni taklif qilishdi: an'anaviy issiqlik yuzani qizartirib qitirlatadi, mikrotolqin esa yog' miqdorini sezilarli pasaytiradi. Sinovlarda yog' tarkibi 3 dan 33 foizgacha kamayib, pishirish vaqti ham qisqargan.

Tadqiqot natijalari ikki xalqaro ilmiy jurnalda chop etilgan. Texnologiya hali sanoat miqyosiga chiqmagan, lekin yo'nalish aniq.

O‘xshash maqolalar

Yangi maqolalar Telegram kanalimizda birinchi bo‘lib chiqadi

@bilim_hack
← Ilmiy yangiliklar