Android 16 da bitta Advanced Protection sozlamasi zararli ilovalar, firibgarlar va telefon o'g'irlanishiga qarshi himoyani yoqadi
Telefoningizda Android 16 yoki undan yangi versiya o'rnatilgan bo'lsa, sozlamalarda Advanced Protection («Kuchaytirilgan himoya») bandini yoqishingiz mumkin. Shu bitta sozlama Android'ning zararli ilovalar, firibgarlik xabarlari va qo'ng'iroqlari hamda o'g'irlikka qarshi eng kuchli himoyalarini birdaniga ishga tushiradi. Advanced Protection yoqilib turgan paytda bu himoyalarni tasodifan ham, ataylab ham alohida o'chirib bo'lmaydi.
Bunda noma'lum manbalardan, ya'ni ilovalar do'konidan boshqa joydan ilova o'rnatib bo'lmaydi. Ilgari shu yo'l bilan o'rnatilgan ilovalar yangilanish olmay qo'yadi.
Sozlamaga boshqa himoyalar qatori quyidagilar kiradi:
- Google Play Protect ilovalarda zararli harakat bor-yo'qligini tekshiradi. Advanced Protection yoqilib turganda uni o'chirib bo'lmaydi.
- Theft Detection Lock: telefon o'g'irlik alomatlarini sezsa, o'zini o'zi qulflaydi.
- Avtomatik qayta yuklash: telefon 72 soat qulflangan holda tursa, qayta yuklanadi. Telefon qayta ochilmaguncha undagi ma'lumotlarni o'qib bo'lmaydi.
- USB himoyasi: ekran qulflangan paytda telefonga USB orqali ulanib, unga kirib bo'lmaydi.
- Google Messages spam va firibgarlikdan himoya qilib, notanish jo'natuvchilardan kelgan havolalar haqida ogohlantiradi.
- Google'ning «Telefon» ilovasi spam ekani ma'lum bo'lgan raqamlarni qo'ng'iroqqa javob bermasingizdanoq ko'rsatadi.
- Safe Browsing fishing saytlarni, jumladan yaqinda paydo bo'lganlarini ham bloklaydi.
- Chrome imkon bo'lganda saytlarga faqat himoyalangan HTTPS protokoli orqali ulanadi.
Himoyani yoqish uchun avval ekran qulfini sozlab oling. Keyin Sozlamalar > Xavfsizlik va maxfiylik > Advanced Protection bo'limini oching. Ba'zi telefonlarda bu band Other settings yoki Personal and device safety bo'limida turadi. Unga Sozlamalar > Google > Barcha xizmatlar > Advanced Protection orqali ham kirsa bo'ladi. Advanced Protection sahifasida Device protection'ni yoqing. Himoyalarning bir qismi faqat qayta yuklangandan keyin ishlay boshlagani uchun telefon qayta yuklashni taklif qilishi mumkin («Restart» yoki «Restart later»).
Device protection'ni o'chirayotganingizda telefon «Pause temporarily» variantini taklif qiladi: himoya 3 soatga to'xtatib turiladi, masalan, do'kondan tashqaridagi ilovani o'rnatib olishingiz uchun. 3 soatdan keyin u o'zi qayta yoqiladi. Himoyani butunlay o'chirsangiz, sozlamalar u yoqilishidan oldingi holatiga qaytadi.
Advanced Protection > Expert features bo'limida «ekspert» funksiyalarni alohida yoqishingiz mumkin, masalan, Wi-Fi himoyasi va Intrusion Logging (xavfsizlik hodisalarini bulutda yozib boradigan jurnal). Ular kuchliroq himoya qiladi, ammo kundalik foydalanishda ko'proq xalal beradi.
Ish telefonida tashkilot administratorlari Advanced Protection'ni markazlashgan tarzda yoqib qo'yishi mumkin. Bunda xodim uni o'zi o'chira olmaydi.
🔗 Manba