Sun'iy intellekt kelishidan oldin fikrlashni to'xtatgandik
Faylasuf va siyosatshunos Hamid Sodiq "Nima dard?" podkastida shu gapni aytdi. Uning fikricha, sun'iy intellekt insoniyat tafakkuridagi mavjud inqirozning natijasi sifatida paydo bo'ldi. Odamlar mustaqil fikrlash va murakkab savollarga javob izlashga tobora kamroq kuch sarflayotgan bir paytda bu texnologiya tarqaldi.
Sodiqning o'zi ham sun'iy intellektdan foydalanadi. Biroq uni inson fikrining o'rniga qo'yishga qarshi: sun'iy intellektda ichki mas'uliyat yo'q, hayotiy tajriba ham, shaxsiy e'tiqod ham. U faqat savolingizga mos javob beradi.
🎓 20 yil ta'lim sohasida ishlab, Sodiq yana bir kuzatishini baham ko'rdi: bugungi ta'lim odamni to'xtovsiz yuqoriga yugurtiradi. Maktab, keyin universitet, magistratura, yangi lavozim, yana diplom. Bu zanjirning oxiri ko'rinmaydi. "Hozirgi avlod tinimsiz progressdan charchadi," deydi u.
Buning ildizi shunda: avvalgi avlodlar uchun bilim olish hayot sharoitini yaxshilashning asosiy yo'li edi. Bugungi yoshlarning bir qismi esa nisbatan qulay sharoitda o'smoqda va shu sababli avvalgidek zaruriyat sezmayapti.
Chiqish yo'li sifatida Sodiq qadimgi ustozlar maktabini tilga oldi: haqiqiy bilim g'oya tashuvchi ustoz atrofida shakllanadi.
🔗 Manba