Stress, yolg'izlik, surunkali tashvish: olimlar bularning evolyutsion ildizini tushuntirdi
Singapurlik to'rtta olim «Xulq-atvor ilmlari» ilmiy jurnalida tahliliy maqola e'lon qildi. Yuzlab ilmiy tadqiqotlarni ko'rib chiqqach, ular bir g'oyani shakllantirdi: zamonaviy turmush tarzimiz miyamiz evolyutsiya davomida shakllangan chegaralardan oshib ketgan.
Asosiy fikr shunday. Insoniyat yuz minglab yillar davomida kichik, tanish odamlar guruhida yashadi. Xavf bevosita ko'rinardi. Raqobat va do'stlik yaqin atrofda edi. Shu muhit uchun sayqallangan miya bugun millionli shaharlarda, ijtimoiy tarmoqlarda va global inqirozlar girdobida ishlashga majbur.
📱 Masalan, o'zini boshqalar bilan taqqoslash instinkti. Qadimda bu kichik guruh ichida to'g'ri o'rni bilishga yordam berardi. Bugun esa biz ijtimoiy tarmoqlarda notanish minglab odamlar bilan o'zimizni tenglashtiramiz. Raqobat hissi doimiy bo'lib qoladi.
Olimlar bu holatni «polikrizis» bilan bog'lashadi: iqlim inqirozi, pandemiya, iqtisodiy beqarorlik va sun'iy intellektning tez o'sishi bir vaqtda kelyapti. Har biri alohida ham og'ir, birgalikda esa miyaga uzluksiz «xavf bor» signali yuboriladi. Natijada surunkali stress, yolg'izlik, semizlik va tug'ilish ko'rsatkichining pasayishi kuzatilmoqda.
«Stress va yolg'izlik ko'pincha faqat insonning shaxsiy muammosi sifatida ko'riladi. Lekin bular evolyutsion muvofiqsizlik belgisi ham bo'lishi mumkin,» deydi Singapur texnologiya va dizayn universiteti tadqiqotchisi Sara Chan.
Yechim qayerda? Olimlar shahar va raqamli muhitlarni insonning qadimiy psixologiyasiga mos holda loyihalash mumkin deyishadi. Yashil makonlar va tabiatga yaqin hududlar miyaga «xavfsizlik» signali beradi. Raqamli platformalar ham raqobatni qo'zg'ash o'rniga, birgalikni his ettirish yo'nalishida yaratilishi mumkin.
Tadqiqot hozircha nazariy xarakterda, yangi ma'lumotlar to'planmagan. Olimlar keyingi bosqich sifatida amaliy sinovlarni o'tkazishni maqsad qilib qo'yishgan.