Bilim Hack

Samarkand-2028 sun'iy yo'ldoshi orbitaga chiqdi

5-avgust kuni Xitoyning Shandun viloyati qirg'oqlari yaqinidagi dengiz platformasidan "O'zbekkosmos" va Xitoyning STAR.VISION birgalikda yaratgan Samarkand-2028 yo'ldoshi muvaffaqiyatli uchirildi.

Bu giperspektral Yer masofadan zondlash yo'ldoshi. Oddiy yo'ldoshlar Yer yuzasini bir necha spektral diapazonida qayd etsa, Samarkand-2028 22 dan ortiq diapazonni tahlil qilib, ekinlar holati, suv manbalari va ekologik vaziyat haqida ancha batafsil ma'lumot beradi. Olingan ma'lumotlar qishloq xo'jaligi, suv resurslari boshqaruvi, tabiiy ofatlarni erta aniqlash va shaharsozlikda ishlatiladi.

"O'zbekkosmos" muhandislari yo'ldosh uchun sun'iy intellekt moduli ishlab chiqishdi. U giperspektral ma'lumotlarni orbitada qayta ishlab, Yerga uzatiladigan axborot hajmini kamaytiradi va kerakli natijalarni olishni tezlashtiradi.

Yo'ldosh nomi 2028-yilda Samarqandda bo'lib o'tadigan Xalqaro astronavtika kongressi sharafiga tanlangan. "O'zbekkosmos" baholashicha, bu loyiha O'zbekistonni kosmik texnologiyalardan foydalanuvchi mamlakatdan ularni yaratishda ishtirok etadigan davlatga aylantirish yo'lidagi muhim qadam.

O‘xshash maqolalar

Yangi maqolalar Telegram kanalimizda birinchi bo‘lib chiqadi

@bilim_hack
← Ilmiy yangiliklar