Oliygohlar, ilmiy tashkilotlar, startaplar va hokim maslahatchilari tanlov orqali Raqamli texnologiyalar vazirligining sun'iy intellekt infratuzilmasidan bepul foydalana oladi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-oktabrdagi 581-son qarori bilan Raqamli texnologiyalar vazirligining sun'iy intellekt infratuzilmasidan bepul yoki imtiyozli foydalanish to'g'risidagi nizom tasdiqlandi. Infratuzilmaga grafik protsessorlar (GPU) asosidagi hisoblash klasteri va «katta ma'lumotlar» bazalari kiradi. Undan tanlovdan o'tgan, ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar foydalana oladi.
Loyihani oliygohlar, ilmiy tashkilotlar, startaplar hamda hokimlarning raqamli texnologiyalar va sun'iy intellekt bo'yicha maslahatchilari topshira oladi
Startap «Raqamli startaplar» dasturi a'zosi bo'lishi kerak. Alohida talabalar va o'qituvchilar bu ro'yxatga kiritilmagan: arizani ularning oliygohi yoki ilmiy tashkiloti topshirishi mumkin.
Sun'iy intellektga asoslangan, aholi, davlat organlari yoki iqtisodiyot tarmoqlari uchun jamiyatga foydali natija beradigan loyiha ijtimoiy ahamiyatga ega hisoblanadi. Masalan, ta'lim, tibbiyot, ekologiya, transport, qishloq xo'jaligi, davlat xizmatlari, xavfsizlik va energiya samaradorligi sohalaridagi loyihalar shular jumlasiga kiradi.
Loyihaga 6 oygacha muddatga til modellaridan bepul foydalanish imkoni yoki videoxotira beriladi
- Katta til modellari: API orqali 6 oygacha bepul, har kalendar oyda 10 million tokengacha. Modellardan tayyor modelni ishlatish (inferens), sinash, tekshirish, baholash va tahlil uchun foydalanish mumkin, ularni o'qitishga ruxsat berilmaydi.
- Oyiga 10 million tokendan ortig'i: yana 50 million tokengacha pullik, tarifga 50 foiz chegirma bilan. Ishlatilmagan tokenlar keyingi oyga o'tmaydi.
- Boshqa sun'iy intellekt modellari: foydalanuvchi arizasiga ko'ra 6 oygacha muddatga jami 120 GB gacha videoxotira ajratiladi. Undan modelni o'qitish, qo'shimcha o'qitish, sinash, tekshirish, baholash va ishlatish uchun foydalanish mumkin.
Bundan tashqari, foydalanuvchilar ajratilgan resurslar doirasida «katta ma'lumotlar» bazalaridagi ma'lumotlardan bepul foydalanadi. Pullik qism tariflarini Raqamli texnologiyalar vazirligi tasdiqlaydi, qarorda buning uchun unga ikki oy muddat berilgan.
Tanlov yiliga ikki marta, iyul va noyabrda o'tkaziladi
Tanlovni Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Sun'iy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi o'tkazadi. Markaz arizalar qabuli boshlanishidan kamida bir oy oldin rasmiy saytiga e'lon joylaydi. E'londa muddatlar, ishtirok shartlari, hujjatlar ro'yxati va baholash mezonlari ko'rsatiladi.
Ariza beruvchi nizomning 2-ilovasidagi shaklni to'ldirib, qabul boshlanganidan keyin o'n ish kuni ichida Markaz sayti orqali elektron shaklda topshiradi. Vazirlik tuzadigan ekspert komissiyasi arizalarni 15 ish kuni ichida 100 ballik tizimda baholaydi. Eng ko'p ball kutilayotgan natija va resurslardan samarali foydalanishga beriladi: har biri uchun 20 balldan. G'oliblarni «Raqamli O'zbekiston-2030» strategiyasini amalga oshirish bo'yicha muvofiqlashtiruvchi komissiya tasdiqlaydi. Saralangan loyihalar Markaz saytidagi reyestrga kiritiladi.
Natijalarga rozi bo'lmagan ishtirokchi ular e'lon qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida apellyatsiya komissiyasiga elektron shaklda shikoyat berishi mumkin. Komissiya shikoyatni besh ish kunida ko'rib chiqadi.
Ma'lumotlar va resurslarga kirish uchun foydalanuvchi javob beradi
- Foydalanuvchi bir vaqtning o'zida faqat bitta loyihani olib bora oladi.
- Resurslar va ma'lumotlardan faqat ma'qullangan loyiha maqsadlarida foydalanish mumkin. Qonunda yoki Markaz bilan tuzilgan shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo'lsa, ma'lumotlarni uchinchi shaxslarga berish, nusxalash, tarqatish yoki tijorat maqsadida ishlatish taqiqlanadi.
- API kalitlari, hisob qaydnomalari va parollarni uchinchi shaxslarga berish taqiqlanadi.
- Ma'lumotlar sizib chiqsa yoki axborot xavfsizligi bilan bog'liq hodisa yuz bersa, foydalanuvchi bu haqda Markazga darhol xabar berishi shart.
Foydalanuvchi qoidalarni buzsa, Markaz unga ogohlantirish berishi, kirishni vaqtincha cheklashi, shuningdek, kirish huquqini to'xtatib turishi yoki bekor qilishi mumkin.
Resurslardan foydalanish muddati tugab, Markaz loyiha bo'yicha yakuniy hisobotni qabul qilgach, foydalanuvchi navbatdagi tanlovda yangi loyiha bilan qatnasha oladi.
🔗 Manba