Mingtepa yodgorligida VIII asrga oid hukmdorlar saroyi qoldiqlari aniqlandi
Samarqand viloyatining Jomboy tumanida joylashgan Mingtepa yodgorligida qazishmalar davomida arxeologlar muhim topilmaga duch kelishdi. Milodiy VIII asrning birinchi yarmiga oid ehtimoliy hukmdorlar saroyi majmuasining me'moriy qoldiqlari aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Qazishmalarni Yahyo G'ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti xodimlari Amriddin Berdimurodov, Husniddin Rahmonov va Nigora Mahkamova olib bormoqda. Saroy inshootlari yodgorlikning Ark qismida, ya'ni qadimiy qal'a ichida joylashgani ma'lum bo'ldi.
🔬 Saroy zalidan VIII asrga oid haykaltaroshlik namunalari ham topildi. Ular hozir ilmiy tekshiruv jarayonida.
VIII asr bu yerlarda so'g'd shaharsozligining so'nggi davriga to'g'ri keladi. Mutaxassislarning fikricha, saroy tuzilishi o'sha zamonning shahar hayoti va davlat boshqaruvini o'rganishda muhim ilmiy manba bo'lib xizmat qiladi.