Bilim Hack

Madaniyat, san'at va adabiyot xodimlariga uy-joy, ijara va tibbiy sug'urta bo'yicha imtiyozlar berildi. Milliy cholg'u asboblari uchun 30 foizlik keshbekni barcha fuqarolar olishi mumkin

Vazirlar Mahkamasining 11-noyabrdagi 618-son qarori 2026-yil 12-noyabrdan kuchga kirdi. Qaror Prezidentning 2026-yil 2-iyundagi PF-103-son farmonini ijro etish uchun qabul qilinib, soha xodimlarini moliyaviy va ijtimoiy qo'llab-quvvatlashga oid 8 ta nizomni tasdiqlaydi. Bir oy ichida «ERP madaniyat» tizimida madaniyat, san'at va adabiyot xodimlarining yagona elektron reyestri ishga tushiriladi.

Milliy cholg'u keshbeki barcha fuqarolarga tegishli

O'zbekiston fuqarolari milliy cholg'u asbobini rasmiy ishlab chiqaruvchi, tadbirkor yoki hunarmanddan sotib olsa, narxining 30 foizini keshbek qilib qaytarib oladi. Qaytariladigan pulning chegarasi cholg'u turiga bog'liq:

  • mizrobli va chertma-torli cholg'ular: 1 100 000 so'mgacha;
  • kamonli-torli cholg'ular: 880 000 so'mgacha;
  • urma-torli cholg'ular: 660 000 so'mgacha;
  • damli va urma-zarbli cholg'ular: 440 000 so'mgacha.

Cholg'uni sotib olgach, 10 kun ichida «Soliq» ilovasidagi «Cholg'u uchun keshbek» bo'limiga kirib, MXIK va QR kodli fiskal chekni ro'yxatdan o'tkazishingiz kerak. Operator xizmati uchun 1 foiz ushlab qolinib, pul keyingi oyning 25-sanasigacha bank kartangizga tushadi. Imtiyozdan yiliga bir marta va faqat bitta cholg'u uchun foydalanishingiz mumkin.

Soha xodimlari uchun uy-joy

Har yili uy-joyga muhtoj 1000 nafar madaniyat, san'at va adabiyot xodimi asosiy ish joyi joylashgan hududdagi birlamchi bozordan kvartira olish uchun subsidiya oladi. Boshlang'ich badalning 50 foizi byudjetdan qoplanadi. Bundan tashqari, kreditning dastlabki 5 yilida foiz to'lovlarining 10 foiz punktdan oshgan qismi ham qoplab beriladi.

Talabgor o'zi yig'adigan boshlang'ich badal sohadagi stajiga qarab belgilanadi: staji 3 yildan 5 yilgacha bo'lsa 15 foiz, 25 yil va undan ko'p bo'lsa 35 foiz.

Talabgor quyidagi shartlarga javob berishi kerak:

  • sohada kamida 3 yillik staji, yagona reyestr a'zoligi yoki tegishli litsenziyasi bo'lishi;
  • so'nggi 2 yil davomida er-xotin nomida rasmiylashtirilgan uy-joy bo'lmagan bo'lishi;
  • oilaning o'rtacha oylik daromadi hududlarda mehnatga haq to'lashning eng kam miqdorining 2,7 baravaridan 8 baravarigacha (hozir 3 672 000 so'mdan 10 880 000 so'mgacha), Toshkentda 2,7 baravaridan 9,2 baravarigacha (3 672 000 so'mdan 12 512 000 so'mgacha) bo'lishi.

Arizalar DXM yoki YaIDXP orqali topshiriladi. Ularni subsidiya.idm.uz tizimi inson ishtirokisiz 2 ish kunida tekshiradi.

Ijara haqining bir qismi

Boshqa hududdan kelib ishlayotgan (hududlar orasidagi masofa 70 kilometrdan ortiq bo'lsa) davlat madaniyat muassasalari xodimlari va ijodiy uyushmalar a'zolariga oylik ijara haqining bir qismi qoplab beriladi. Bu tartib nodavlat tashkilotlar xodimlariga va xizmat uyi berilganlarga taalluqli emas.

To'lov ijara shartnomasi summasining 100 foizidan oshmaydi. Toshkentda oyiga ko'pi bilan 2 640 000 so'm, Qoraqalpog'iston va viloyatlarda 1 760 000 so'm to'lanadi. Ijara shartnomasi soliq organlarida, ijara.soliq.uz saytida ro'yxatdan o'tkazilgan bo'lishi kerak. Ijodiy uyushma a'zosi so'nggi olti oyda ijod bilan shug'ullanmagan bo'lsa (yangi asar yaratmagan, ko'rgazma yoki kontsertlarda qatnashmagan bo'lsa), to'lov to'xtatiladi.

Tibbiyot

Uch xil yordam ko'zda tutilgan:

  • sohada kamida 1 yil ishlagan yoki ijodiy uyushmaga a'zo bo'lgan 2000 nafargacha xodimga har yili ixtiyoriy tibbiy sug'urta badalining 50 foizi byudjetdan qoplanadi, bu summa 22 million so'mdan oshmaydi;
  • staji kamida 10 yil bo'lgan 100 nafargacha ijodiy uyushma a'zosi har yili O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi sanatoriylarda bepul davolanishi mumkin. Yo'llanma 5 yilda bir marta, standart xonalar uchun beriladi;
  • davlat hisobidan davolanish huquqi bo'lmagan, lekin yaxshi natijalarga erishgan 1000 nafargacha soha xodimiga har yili ijodiy birlashmalar tavsiyasi va QR kodli yo'llanma asosida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bepul o'tkaziladi.

Loyihalar va teatrlarga ko'mak

Madaniyat vazirligi huzurida «Ijodga investitsiya» davlat maqsadli jamg'armasi tashkil etildi. Unga har yili byudjetdan kamida 200 milliard so'm ajratiladi. Bitta loyihaga yiliga 20 milliard so'mgacha mablag' berilishi mumkin. Arizalar madaniyatgrant.uz platformasida uch bosqichda saralanadi.

Chiptalarni BOYaET orqali sotadigan teatrlar o'z sahnasida sotilgan har bir chipta uchun 10 000 so'm, boshqa hududdagi gastrolda 20 000 so'm oladi. Buning uchun kamida 50 ta chipta sotilishi, eng arzon chipta esa BHMning kamida 5 foizi turishi kerak.

O‘xshash maqolalar

Yangi maqolalar Telegram kanalimizda birinchi bo‘lib chiqadi

@bilim_hack
← Qiziqarli