Buxoro viloyatida birinchi aerologik shar ko'tarildi
Mustaqillikning 35 yilligiga tayyorgarlik chog'ida Buxoro viloyatidagi Yakkatut stantsiyasida aerologik shar sinov rejimida muvaffaqiyatli uchirilib, ma'lumotlar yerga uzatildi. Mamlakatda bu turdagi kuzatuvlar deyarli 30 yil davomida to'xtatib qo'yilgan edi.
🔬 Sharga o'rnatilgan zamonaviy meteozond parvoz davomida havo harorati, nisbiy namlik, atmosfera bosimi, shamol tezligi va yo'nalishini turli balandliklarda real vaqtda o'lchab, yer qabul stansiyasiga uzatib boradi. Bu ko'rsatkichlar Jahon meteorologiya tashkilotining global kuzatuv tizimiga ham kirib boradi.
Kuzatuvdan keladigan ma'lumotlar ob-havo prognozlarini aniqlashtiradi, qattiq shamol yoki bo'ron yaqinlashayotganini oldindan ko'rsatadi va aviatsiya hamda qishloq xo'jaligi uchun ishonchli axborot manbasi bo'lib xizmat qiladi.
Stantsiyani zamonaviy uskunalar bilan jihozlashda BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Yashil iqlim fondi ishtirok etdi. Toshkent viloyatidagi Mayskaya stantsiyasida ham xuddi shunday tizim yo'lga qo'yilmoqda.