O'zbekistonda aholining 83 foizi markazlashgan ichimlik suviga ulandi
Bugun prezident taqdimotida suv ta'minoti bo'yicha so'nggi raqamlar e'lon qilindi. Ko'rsatkichlar shuni ko'rsatmoqdaki, so'nggi to'qqiz yil bu soha uchun katta o'zgarish davri bo'ldi.
2017-yilda aholining 63 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta'minlangan bo'lsa, bu ko'rsatkich 83 foizga ko'tarildi. Shu vaqt ichida 7,7 million kishi birinchi marta markazlashgan suvga ulandi, yana 11 million kishining ta'minoti yaxshilandi. Sohaga jalb qilingan investitsiyalar 10 baravar oshib, taxminan 35 trillion so'm (2,7 milliard dollar) ga yetdi.
39 ming kilometr ichimlik suvi va 3,2 ming kilometr kanalizatsiya tarmog'i qurilib, rekonstruksiya qilindi.
Qashqadaryo uchun alohida muhim yangilik bor. Hisorak suv omboridan Qamashi, G'uzor, Qarshi tumanlari va Qarshi shahrigacha suv tortish loyihasini jadallashtirish vazifasi qo'yildi. Taxminan 2,8 trillion so'mlik (217 million dollar) bu loyiha 1,1 million kishiga ichimlik suvini yetkazib beradi.
Farg'ona viloyatida ham suv tizimini rivojlantirish bo'yicha xorijiy hamkorlar bilan qarz va grant shartnomalari imzolanishi belgilandi.
Yil yakuniga qadar taxminan 7,8 trillion so'mlik (600 million dollar) ishlar amalga oshiriladi. 107 ta mahallada 310 ming kishi birinchi marta markazlashgan suvga ulanadi, yana 2,5 million kishining ta'minoti yaxshilanadi.
2030 yilga borib, qamrovni 90 foizga yetkazish maqsad qilingan. Suv yo'qotishlarini 35 foizdan 25 foizga tushirish va shaharlarda zamonaviy hisoblagichlar o'rnatish ham rejada bor.