Bilim Hack

«Katta matematika» haqida kitob chiqdi: kompyuter hisob-kitoblari ipoteka kimga berilishini hal qilib, TikTokdan ko'z uzib bo'lmaydigan qiladi

10-noyabr kuni Little, Brown and Company nashriyoti «Big Math: The Hidden Codes That Run Our World» («Katta matematika: dunyomizni boshqaradigan yashirin kodlar») kitobini chiqardi. Uni Kornell universiteti matematiklari Stiven Strogats va Aleks Taunsend yozgan.

Mualliflar «katta matematika» (Big Math) deb faqat kompyuter yordamida hisoblab chiqish, ehtimol, tushunish ham mumkin bo'lgan matematikani atashadi. Bu atamani ularning o'zlari o'ylab topgan.

Bunday matematikaning oddiy odamga qanday aloqasi borligini Taunsend misollar bilan tushuntiradi:

  • u iPhone ichida ishlaydi;
  • sizga ipoteka berish-bermaslikni u hal qiladi;
  • uning sharofati bilan odam MRT apparatida usiz kerak bo'ladigan vaqtdan ikki baravar kam yotadi;
  • TikTokdan ko'z uzish shunchalik qiyinligiga ham u sabab.

Big Think nashriga bergan intervyusida mualliflar yana shuni qo'shimcha qilishdi: odamga kredit karta yoki qarz berilishini, kollejga qabul qilinishini, ishga nomzodi ko'rib chiqilishini tobora ko'proq algoritmlar hal qilmoqda. Strogatsning aytishicha, shu bois bu matematika qanday tuzilganini odamlar tushunishi muhim.

Kornell universitetining kitob haqidagi maqolasida tibbiyotdan misol keltirilgan. Bosh suyagining tug'ma nuqsonini tuzatish operatsiyasidan oldin jarroh uni boshning juda batafsil matematik modelida mashq qilib ko'rishi mumkin. Operatsiya millimetrigacha aniq rejalashtiriladi, tenglamalarni esa kompyuter yechadi.

Kitob matematika tarixini qadim zamonlardan bugungi kungacha kuzatib boradi. Unda islom meros huquqidagi chiziqli algebra ham, Strogats o'rganadigan xaos nazariyasi ham bor. So'ng gap zamonaviy kompyuterlarga o'tadi. Kitobda mashinali o'qitish yordamida ayollarda ko'krak saratoni xavfini bashorat qilgan Regina Barzilay haqida ham yozilgan.

Sun'iy intellekt haqida Taunsend shunday deydi: uning qanday ishlashini tushunsa bo'ladi, ammo nega bunchalik yaxshi uddalashi tushunarsiz.

🔗 Manba

O‘xshash maqolalar

Yangi maqolalar Telegram kanalimizda birinchi bo‘lib chiqadi

@bilim_hack
← Qiziqarli