Common Sense Media ota-onalarga farzandi topshiriqni sun'iy intellektga yuklab qo'ymasdan, o'zi o'rganayotganini tekshirib turishni maslahat beradi
AQShdagi Common Sense Media tashkiloti ota-onalar uchun qo'llanma e'lon qildi. Unda bolalar maktab topshiriqlarida sun'iy intellektdan qanday foydalanayotgani haqida so'z boradi. Asosiy fikr shu: sun'iy intellekt bolaga o'qishda yordam berishi kerak, fikrlash esa bolaning o'z ishi bo'lib qolishi lozim. Tashkilot o'tkazgan tadqiqotga ko'ra, 13 yoshdan 17 yoshgacha bo'lgan o'smirlarning 70 foizi o'qishda sun'iy intellektdan foydalanadi.
Mualliflarning aytishicha, sun'iy intellekt murakkab mavzularni tushuntirib, misollar keltira oladi, mashq uchun savollar ham tuzib beradi. Biroq u o'quvchining o'rniga haddan tashqari ko'p ish qilsa, bilim yuzaki bo'lib qoladi. Bolaning yodida o'zi o'ylab ko'rgan narsalar qoladi: qayerda xato qilgani, nimani tuzatgani va nimani o'z so'zlari bilan tushuntira olgani.
Qo'llanma ota-onalarga quyidagilarni maslahat beradi:
- Farzandingizning maktabdagi va shaxsiy qurilmalarida qaysi sun'iy intellekt vositalari borligini bilib, o'qish uchun qaysilaridan foydalanish mumkinu qaysilaridan mumkin emasligini u bilan kelishib oling.
- Maktabda sun'iy intellektdan foydalanish bo'yicha qanday qoidalar borligini so'rab biling.
- Sun'iy intellekt xato qilganda, eskirgan ma'lumotlarga tayanganda yoki faktlarni o'zidan to'qib chiqarganda ham ishonch bilan gapirishini bolaga eslatib turing. Shu bois bola uning javoblarini daftardagi yozuvlari, darsliklar va o'qituvchi ma'qullagan saytlar bilan solishtirib ko'rishi kerak.
Ota-onalarga bola bilan sun'iy intellektdan foydalanishdan oldin, foydalanish paytida va undan keyin gaplashish taklif qilinadi
- Oldin: bola nimani o'rganmoqchi ekanini so'rang.
- Foydalanish paytida: sun'iy intellekt mavzuni tushuntiryaptimi yoki ishni bolaning o'rniga bajaryaptimi, bola ishni o'zi o'zgartirdimi va topshiriqni yaxshiroq tushuna boshladimi, shuni aniqlang.
- Keyin: boladan javobni sun'iy intellekt yordamisiz tushuntirib berishni so'rang. Uddalasa, bu uning haqiqatan nimanidir o'rganganidan yaxshi darak beradi.
Bolaning o'rniga o'ylamay, unga fikrlashda yordam beradigan sun'iy intellekt foydali
Qo'llanmaga ko'ra, sun'iy intellekt misollar keltirganda, mavzuni o'qituvchi yoki darslikdagidan boshqacha tushuntirganda yoki bola o'zi urinib ko'rgach, mavzuni qanchalik tushunganini tekshirishga yordam berganda foydali bo'ladi. Qo'llanmadagi bir misol: o'quvchi sun'iy intellektga «insho yozib ber» deyish o'rniga asosiy fikrni (tezisni) o'zi tuzib, dalili ishonarlimi va nimani e'tibordan chetda qoldirganini so'raydi. Yana bir misol: o'quvchi masalani o'zi yechayotib qiyin joyda to'xtab qolgach, sun'iy intellektdan mulohazasidagi xatoni topishga yordam so'raydi.
O'quvchi masalani hali o'zi yechib ko'rmagan bo'lsa, o'z fikrlash yo'lini ko'rsatishi kerak bo'lsa yoki sun'iy intellekt uning o'z g'oyalari o'rnini bosib qo'yadigan bo'lsa, undan foydalanmagan ma'qul.
Uy vazifasi juda oson bo'lib qolsa, uni sun'iy intellekt bajarayotgan bo'lishi mumkin
Uy vazifasi to'satdan juda oson bajariladigan bo'lib qolsa, bu ko'pincha bola bilim mustahkamlanishi uchun zarur bo'lgan mehnatni chetlab o'tayotganini bildiradi. Bunday holda qo'llanma ota-onalarga farzandi bilan gaplashib ko'rishni maslahat beradi.
O'smirlarga ruhiy madad uchun chat-botlar to'g'ri kelmaydi
Common Sense Media Stenford universitetining Ruhiy salomatlik sohasidagi innovatsiyalar laboratoriyasi bilan birgalikda sun'iy intellekt chat-botlari o'smirlarning ruhiy salomatligini qo'llab-quvvatlashda xavfli degan xulosaga keldi. Bola qiynalayotgan bo'lsa, qo'llanma ota-onalarga uni chat-bot o'rniga ishonchli katta odam yoki mutaxassis bilan bog'lashga yordam berishni maslahat beradi. Farzandingizdan xavotirga tushganda yoki ko'ngli g'ash bo'lganda kattalardan kimga murojaat qila olishini, sun'iy intellekt uni bezovta qiladigan gap aytsa nima qilishini so'rab ko'rishingiz mumkin.
Bola ulg'aygan sari sun'iy intellekt bo'yicha qoidalar o'zgaradi, lekin saqlanib qoladi
- Boshlang'ich sinflarda sun'iy intellektdan, agar foydalanilsa, faqat kattalar bilan birga foydalanish mumkin.
- O'rta maktabda (6 dan 8-sinfgacha), agar foydalanilsa, faqat mashq qilish va takrorlash uchun.
- Yuqori sinflarda (9 dan 12-sinfgacha) bola sun'iy intellektdan qachon foydalanmaslik kerakligini tushunishi muhim, ayniqsa muloqot, ruhiy madad va ruhiy salomatlik bo'yicha maslahat olishda.