Always On Display yoqilsa, batareya taxminan 4 barobar tez tugaydi: telefon uzoqroq ishlashiga yordam beradigan Android sozlamalari
Telefonda zaryadni eng ko'p ekran sarflaydi, shu bois tejashni ekran sozlamalaridan boshlagan ma'qul. Maslahatlar har qanday Android telefonga to'g'ri keladi. Bandlarning nomi telefon markasi va Android versiyasiga qarab farq qiladi, lekin sozlamalarning mohiyati bir xil.
Zaryadni eng ko'p Always On Display rejimi sarflaydi. DXOMARK to'rtta telefonni sinab ko'rdi: uchtasi Android, bittasi iPhone. Rejim yoqilganda batareya taxminan 4 barobar tez tugagan. Ishlatilmay turgan telefon 400 soat o'rniga 100 soatga yaqin ishlagan.
Always On Display'ni «Sozlamalar»da o'chirishingiz mumkin. Always On Display bandini tanlab, tugmachasini o'chirib qo'ying. Bunday band ko'rinmasa, uni «Displey» yoki «Ekran qulfi» bo'limidan qidiring. Rejimni butunlay o'chirishni istamasangiz, uni jadval bo'yicha yoki faqat yangi bildirishnoma kelganda ishlaydigan qilib qo'ying.
Zaryad sarfiga yorqinlik va ekran o'chguncha o'tadigan vaqt ham ta'sir qiladi. Yorqinlikni «Sozlamalar > Displey» bo'limida pasaytiring yoki o'sha yerda moslashuvchan yorqinlikni (Adaptive Brightness) yoqing, shunda telefon uni yorug'likka qarab o'zi moslab turadi. Agar bu funksiya ekranni tez-tez keragidan ortiq yorqin qilib qo'ysa, uni o'chirib, yorqinlikni qo'lda sozlang. Ekranning o'chish vaqti «Sozlamalar > Displey > Ekranning o'chish vaqti» bo'limida belgilanadi: 15 soniya, 30 soniya yoki bir daqiqani tanlang.
Yana bir qancha sozlama bor:
- Adaptive Battery ilovalarning fonda ishlashini cheklab, telefondan qanday foydalanishingizga moslashib boradi. Sozlamalardan Adaptive Battery bandini topib, yoqib qo'ying.
- Qorong'i mavzu AMOLED ekranlarda zaryadni tejaydi, chunki qorong'i piksellar kamroq energiya sarflaydi. Uni butun tizim uchun yoki faqat kunning ma'lum vaqtida yoqishingiz mumkin.
- Ekranning yangilanish chastotasini «Sozlamalar > Displey» bo'limida 120 Hz dan 60 Hz ga tushirishingiz mumkin. Samsung telefonlarida Motion smoothness bandini ochib, Standard'ni tanlang. Pixel'da bu sozlama Smooth Display deb ataladi. Avvaliga tasvir unchalik silliq ko'rinmasligi mumkin, bu tabiiy hol.
- Siz ishlatmayotganingizda ishlab turishi kerak bo'lmagan ilovalarda fon ma'lumotlarini o'sha ilovaning sozlamalaridan o'chirib qo'yishingiz mumkin.
- Bildirishnomalarni faqat kerakli ilovalardan qoldirgan ma'qul, chunki har bir bildirishnoma ekranni yoqadi. «Sozlamalar > Bildirishnomalar» bo'limida «Ilova bildirishnomalari» yoki «Bildirishnomalarni boshqarish»ni ochib, ortiqcha ilovalar yonidagi tugmachani o'chiring.
- Foydalanmayotgan eski akkauntlaringizni o'chirib tashlashingiz mumkin. Sozlamalarning «Akkauntlar» bo'limida keraksizini tanlab, «Akkauntni o'chirish»ni bosing.
- Ovozli buyruqlardan foydalanmasangiz, «Hey Google» buyrug'ini o'chirib qo'yishingiz mumkin. Shunda mikrofon doim buyruq kutib turishdan to'xtaydi. Google ilovasini ochib, profil rasmingizni bosing, keyin «Sozlamalar > Google Assistent > Hey Google & Voice Match»ga kirib, «Hey Google»ni o'chiring. Assistentni avvalgidek chaqirishingiz mumkin, masalan, quvvat tugmasini bosib turib.
Zaryad tugab qolayotganda telefonni quvvatlashning iloji bo'lmasa, quvvatni tejash rejimi yordam beradi. U «Sozlamalar > Batareya» bo'limida yoqiladi. Rejim ayrim funksiyalarni o'chirib qo'yadi, telefon ham sekinroq ishlaydi, lekin qo'ng'iroq qilishingiz va xabar yozishingiz mumkin. Pixel telefonlarida bundan ham qattiqroq Extreme Battery Saver rejimi bor: «Sozlamalar > Batareya > Battery Saver > Extreme Battery Saver». U ko'pchilik ilovalarni to'xtatib qo'yadi, shu bois uni faqat o'ta zarur paytda yoqing.
Batareyani nolgacha tushirmasangiz, u sig'imini uzoqroq saqlaydi. Imkon qadar zaryadni 50 dan 80 foizgacha ushlab turing. Ba'zan, masalan, uzoq safar oldidan, 100 foizgacha quvvatlashingiz mumkin. Samsung telefonlarida quvvatlashni 85 foizda to'xtatadigan Protect battery funksiyasi bor. Rasmiy yoki sertifikatlangan zaryadlovchilardan foydalaning: arzon, sertifikatsiz zaryadlovchilar batareyani qizdirib, vaqt o'tib unga zarar yetkazishi mumkin.
Issiq ham, sovuq ham batareyaga zarar qiladi. Telefon 0 dan 35 °C gacha haroratda eng yaxshi ishlaydi. Uni to'g'ridan-to'g'ri quyosh nurida yoki issiq kunda mashinada qoldirmang. Qattiq sovuq batareya ishini vaqtincha yomonlashtiradi, bu takrorlanaversa, batareyani shikastlashi ham mumkin. Telefon qizib ketsa, uni o'chirib, g'ilofini yechib, salqin joyga olib qo'ying. Sovigach, undan foydalanishingiz va quvvatlashga qo'yishingiz mumkin.