Faylasuf Bonxeffer: befahm odam yovuz odamdan ko‘ra xavfliroq
Yovuz odamdan ko‘ra befahm odam jamiyat uchun kattaroq xavf tug‘diradi.
Nemis faylasufi va ilohiyotchisi Ditrix Bonxeffer shunday fikrni ilgari surgan. Uning aytishicha, yovuzlikni payqash oson, unga qarshi turish ham mumkin. Befahmlik esa boshqacha ish tutadi: u ko‘rinmaydi, o‘ziga qattiq ishonadi, shu bois undan himoyalanish ancha qiyin.
Faylasuf Jonni Tomson bu g‘oyani bugungi kunga bog‘lab tushuntiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamiyatni ichidan buzadigan befahmlikning uchta sharti bor.
- Birinchisi: o‘z fikrini boshqa birovga yoki hokimiyatga topshirib qo‘yish. Ya'ni "men o‘rniga kimdir o‘ylab qo‘yadi" degan qulaylikka berilish.
- Ikkinchisi: bila turib bilmaslikni tanlash. Haqiqatni ko‘rib turib, unga ko‘z yumish.
- Uchinchisi: to‘daga ergashib ketish. Atrofdagilar nima desa, o‘ylamay shuni takrorlash.
Tomsonning fikricha, bu uch holat hozir ham yaqqol ko‘rinadi. Masalan, ba'zilar hatto axloqiy savollariga ham javobni sun'iy intellektdan so‘raydi. Siyosatda esa ayrim partiyalar o‘z a'zolaridan asosli e'tiqoddan ko‘ra ko‘r-ko‘rona sodiqlikni talab qiladi.
Xo‘sh, o‘zini bu tuzoqdan qanday asrash mumkin?
- Biror fikrni ishonch bilan qabul qilishdan oldin "nega?" deb so‘rang.
- Bitta manbaga tayanib qolmang, ma'lumotni tekshiring.
- Hamma bir xil gapirayotganda "haqiqatan ham shundaymi?" deb bir to‘xtab o‘ylab ko‘ring.
Mustaqil fikrlash mashq talab qiladi. Ammo aynan shu narsa odamni jamiyatga zarar keltiradigan befahmlikdan ajratib turadi.