Bolani inklyuziv sinfga yozdirish uchun komissiya xulosasi kerak, komissiyaga borishda «Inson» markazi yordam beradi
Alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolani umumta'lim maktabining inklyuziv sinfiga psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasiga ko'ra qabul qilishadi. Buning uchun ota-ona yoki uning o'rnini bosuvchi shaxsning roziligi ham kerak. Komissiya Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy boshqarmasi huzurida ishlaydi. Komissiya bolani inklyuziv sinfga yo'llagan bo'lsa, maktab uni qabul qilishdan bosh torta olmaydi.
Ota-ona yoki uning o'rnini bosuvchi shaxs quyidagi tartibda ish tutadi:
1. Yashash joyidagi maktabga yoki tuman (shahar) xalq ta'limi bo'limiga murojaat qilib, qaysi maktabda inklyuziv sinf borligini bilib oladi.
2. Yashash joyidagi tuman (shahar) «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qiladi. Markaz uning mobil raqamiga komissiya qaysi kuni va qayerda ishlashini SMS qilib yuboradi.
3. Bola bilan komissiyadan o'tib, uning xulosasini oladi.
Maktab rahbariyati ota-onadan quyidagi hujjatlarni qabul qiladi:
- ota-onaning arizasi;
- komissiya xulosasi;
- yashash joyidagi shifoxona bosh shifokori imzolagan, bolaning rivojlanish tarixidan batafsil ko'chirma.
Bola ilgari o'qigan bo'lsa, ota-ona o'qiganini tasdiqlovchi hujjatlarni, shuningdek, avvalgi o'qish joyidan ma'lumotnoma va tavsifnomani ham qo'shib topshiradi.
Oila bolani boshqa tuman yoki shahardagi maktabga bermoqchi bo'lsa, o'sha maktab joylashgan tumandagi komissiyaning yo'llanmasi kerak bo'ladi.
Birinchi sinfga bola yetti yoshga to'ladigan yili qabul qilinadi. Bu yoshdan ko'pi bilan ikki yosh katta bolani ham qabul qilishlari mumkin. Qabul o'quv yili boshlanishidan oldin ham, o'quv yili davomida ham olib boriladi. Bolani o'qishga olish direktor buyrug'i bilan rasmiylashtiriladi.
Bunday bolalar uchun bir sinfda joy kam
Inklyuziv sinfda ko'pi bilan 30 nafar o'quvchi bo'ladi. Ulardan ko'pi bilan uch nafari maxsus (korreksion) dasturlar bo'yicha o'qiydi. Maktabda bunday sinf bitta bo'lib, parallel sinfi bo'lmasa, tuman (shahar) xalq ta'limi bo'limi uch nafardan ko'proq bolani qabul qilishga ruxsat berishi mumkin. Bitta sinfga faqat tibbiy tashxisi bir xil bolalar olinadi.
🔗 Manba