IT sanoatida navbatdagi zarba — ommaviy ishdan bo‘shatishlar
IT sanoatida navbatdagi zarba — ommaviy ishdan bo‘shatishlar
Iyul oyida texnologiyalar sohasida ishlayotganlar uchun ayniqsa og‘ir bo‘ldi. Microsoft 9 ming nafar xodim bilan xayrlashdi. Intel yana 5 mingga yaqin odamni qisqartirdi. 2022-yildan beri butun dunyo bo‘ylab yarim millionga yaqin IT mutaxassisi ishini yo‘qotdi.
Bunday vaziyatning asosiy sababi allaqachon ayon. Bu sun’iy intellektga asoslangan vositalarning tez sur’atda rivojlanishi. AI juda katta tezlik bilan o‘yin qoidalarini o‘zgartiryapti.
Shu o‘zgarishlar fonida bir vaqtning o‘zida bir necha narsa yuz bermoqda:
🔸birinchidan, yangi boshlovchilar uchun joylar kamaymoqda;
🔸ikkinchidan, maoshlar pasaymoqda;
🔸uchinchidan, “barqaror IT martabasi” degan tushuncha o‘z ahamiyatini yo‘qotyapti.
Kompaniyalar jamoalar tuzilmasini qayta ko‘rib chiqmoqda. Yaqingacha ijodiy hisoblangan ishlar avtomatlashtirilmoqda. “AI ko‘nikmalari” bo‘lmagan mutaxassislar bilan xayrlashish hollari ko‘paymoqda. Endilikda IT sohasi tajriba va tirishqoqlikdan ko‘ra, moslashuvchanlik, tez o‘zgarishga tayyorlik hamda yangilikni o‘zlashtirish qobiliyatini ustun qo‘ymoqda.
Boshida bu tabiiy rivojlanishdek tuyulishi mumkin. Ammo amalda ko‘pchilik bu o‘zgarishlarga moslasha olmayapti. Ayniqsa kasbni endi tanlayotganlar orasida.
Bu abituriyent uchun nimani anglatadi? Onlayn kursga endi yozilgan kishi uchun-chi?
“ITga kirsam — barqaror daromad va kafolatlangan ish topaman” deb o‘ylayotgan odam uchun bu qanday xabar?
Shuni esda tutish kerakki, AI nima ekanini anglamagan holda sohaga kirayotganlar darrov boshi berk ko‘chaga tushib qolishlari mumkin. Shablon bo‘yicha tanlangan ta’lim endi ustunlik bermaydi. Aksincha, agar zamon o‘zgarishlarini inobatga olmasangiz, bu zarar ham yetkazishi mumkin.
IT sohasi tobora to‘lqinli dengizni eslatmoqda. Kimdir suzib boradi, kimdir esa hatto boshlanishidayoq cho‘kib ketadi.