Bilim Hack

13 yoshgacha smartfon ishlatish xavfli ekan

Gap nimada
100 mingdan ortiq yoshlar ma’lumotlari tahlili shuni ko‘rsatadi: bola qanchalik erta smartfon olsa, katta bo‘lganida ruhiy holat bilan bog‘liq muammolar ehtimoli shunchalik ortadi. Bu faqat xavotir yoki depressiya emas. Tadqiqotchilar o‘z joniga qasd fikrlari, tajovuzkorlik, haqiqatdan uzilish va hatto gallyutsinatsiyalarni ham qayd etgan.  

Olimlar aniq nimani ko‘rdi
12 yoshda va undan erta smartfon olganlarda umumiy farovonlik indeksi pastroq. Ko‘rsatkichlar har bir erta yil bilan bosqichma-bosqich pasayib borgan. Bu turli mamlakat va madaniyatlarda ham takrorlanadigan tendensiya.  

Bunga nima sabab bo‘lyapti
Eng katta ta’sir — erta ijtimoiy tarmoqlarga kirish. Keyin kiberbulling, uyquning buzilishi va oiladagi taranglik keladi. Shu omillar birga farovonlikni pasaytiradi.  

Bu nimani anglatadi
Mualliflar qat’iy sabab-oqibatni da’vo qilmaydi. Lekin tendensiyalar keng va barqaror bo‘lgani uchun ehtiyotkor siyosat zarur. Takliflar: raqamli savodxonlik va ruhiy salomatlik bo‘yicha majburiy ta’lim, ijtimoiy tarmoqlarda yosh cheklovini real tekshirish va platformalar javobgarligi, platformalarga kirishni cheklash hamda kichik yoshdagilar uchun smartfonlardan bosqichma-bosqich foydalanish qoidalari.  

Amalda hozirdan nimalar qilish mumkin
Smartfonni kechiktirish ma’qul. Aloqa uchun oddiy tugmali telefon yetadi. Uyda «ekransiz vaqt» va «tun bo‘yi gadjetsiz» qoidasini kelishib olish. Uxlash rejimini va hissiy holatni kuzatish, bolaning onlayn tajribasini birga muhokama qilish.

← Назад